QADRLI YURTDOSHLAR, HURMATLI PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR VA AZIZ TALABA-YOSHLAR!
Bugun jonajon Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 35 yillik bayramini katta shodiyona va yuksak iftixor bilan nishonlamoqdamiz. O‘tgan davr mobaynida xalqimizning matonati, fidokorona mehnati va qat’iyati tufayli mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy sohalarda ulkan marralarni zabt etdi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar xalqimiz farovonligini ta’minlash va yurtimiz nufuzini xalqaro maydonda yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti jamoasi ham ushbu shonli tarix sahifalarida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Universitetimiz mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan transport, logistika, muhandislik va raqamli texnologiyalar sohalari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuksak intellektual salohiyatli, vatanparvar kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Muhtaram ustozlar!
Sizlarning fidokorona mehnatingiz, ilmiy salohiyatingiz, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissangiz hamda mamlakatimiz transport tizimini rivojlantirish yo‘lidagi izlanishlaringiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevori bevosita ta’lim va ilm-fan dargohlarida, siz kabi zahmatkash insonlarning fidokorona mehnati bilan barpo etilmoqda.
Aziz talabalar!
Sizlar O‘zbekistonning ertangi kuni, ishonchi va tayanchisiz! Ishonamanki, universitetimizda egallayotgan bilim va orttirayotgan tajribangiz kelajakda yurtimizning yanada ravnaq topishiga, uning iqtisodiy qudrati yuksalishiga xizmat qiladi. Mustaqillik bizga bergan eng katta ne’matlardan biri — erkin fikrlash va o‘z salohiyatimizni to‘la namoyon etish imkoniyatidir. Ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida tinmay izlanishdan, bilim va ko‘nikmalaringizni oshirishdan, o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang.
Qadrli yurtdoshlar!
Fursatdan foydalanib, barchangizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, oilalaringizga tinchlik va xotirjamlik, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi mehnat va ta’lim faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Jonajon Vatanimiz osmoni hamisha musaffo, xalqimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
https://www.facebook.com/share/1929V6RCXh/?mibextid=wwXIfr |
https://www.instagram.com/abdulaziz__gulamov?igsh=NXdlejk3MnQ2MWtv |
https://t.me/Abdulaziz_Gulamov