#hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi OECD va Yevropa Kengashining soliq masalalari boʻyicha oʻzaro maʻmuriy yordam toʻgʻrisidagi konvensiyasini imzoladi
2026-yil 15-iyul kuni Parijdagi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bosh qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq masalalari boʻyicha oʻzaro maʻmuriy yordam toʻgʻrisidagi konvensiyani (MAAC) imzoladi. Hujjat Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodir Gʻaniyev tomonidan imzolandi. Marosimda IHTT Bosh kotibi oʻrinbosari Fabritsiya Lapekorella ham ishtirok etdi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan yuksak ishonchning yana bir tasdigʻidir.
Konvensiyaning imzolanishi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan koʻp yillar davomida olib borilgan tizimli ishlar natijasidir.
Qo‘mita mutaxassislari milliy qonunchilikni kompleks tahlil qildi, uni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirdi, kerakli xujjatlar paketi tayyorlandi va kelishildi, IHTT va Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar ekspertlari bilan samarali hamkorlik tashkil etildi. Rasmiy ariza tayyorlash, muloqlar o‘tkazish va qo‘shilish yo‘lidagi tashkiliy va huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish ishlari amalga oshirildi. Mazkur harakatlar natijasida Konvensiyaga ishtirokchi davlatlar O‘zbekistonni 28-moddaga asosan qo‘shilishga taklif qilishga qaror qildi.
Ayni paytda Soliq qoʻmitasi IHTTning Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi boʻyicha Global forumi tomonidan oʻtkazilayotgan kompleks baholash (Peer Review) jarayonidan ham oʻtmoqda. MAACga qoʻshilish ushbu baholash doirasida Oʻzbekistonning pozitsiyalarini sezilarli darajada mustahkamlab, mamlakatimizning samarali soliq hamkorligi va shaffoflikning xalqaro standartlariga sodiqligini tasdiqlaydi.
Konvensiyaga qoʻshilish nima beradi?
MAAC soliq sohasidagi hamkorlikning eng universal xalqaro huquqiy vositasi boʻlib, 150 dan ortiq davlat va yurisdiksiyalarni birlashtiradi. Konvensiya alohida ikkiyoqlama shartnomalar tuzish shartisiz ma'muriy yordamning barcha zamonaviy shakllari uchun huquqiy asos yaratadi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish toʻgʻrisidagi bitimlar asosida 55 ta davlat bilan soliq axborotlari almashinuvini amalga oshirmoqda. Ichki tartib-taomillar yakunlanib, Konvensiya kuchga kirgach (2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi kutilmoqda), xalqaro hamkorlik geografiyasi sezilarli darajada kengayadi.
Konvensiyaga qoʻshilish quyidagi imkoniyatlarni beradi:
▫️ xorijda yashirilgan daromadlar va aktivlarni aniqlash samaradorligini oshirish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish;
▫️ moliyaviy hisobvaraqlar (CRS), kriptoaktivlar (CARF), mamlakatlar o‘rtasidagi hisobotlar (CbCR) hamda BEPS doirasidagi boshqa xalqaro standartlar bo‘yicha avtomatik axborot almashinuvini joriy etish uchun huquqiy asos yaratish;
▫️ xalqaro axborot almashinuvi mexanizmlaridan foydalanish hisobiga soliq tushumlarini oshirish (IHTT ma'lumotlariga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar 135 mlrd. yevrodan ortiq qo‘shimcha soliq tushumlarini aniqlagan);
▫️ xalqaro shaffoflik standartlariga muvofiqlik orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
▫️ soliq maʻlumotlarining maxfiyligini taʻminlash boʻyicha yagona xalqaro standartlarni qoʻllash orqali soliq toʻlovchilarning huquqlarini himoya qilish.
MAACning imzolanishi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro soliq hamkorligi tizimiga integratsiyalashuvida muhim bosqich hisoblanadi. Soliq qoʻmitasi Konvensiyani implementatsiya qilish, xalqaro axborot almashinuviga tayyorgarlik koʻrish hamda ilgʻor xalqaro amaliyotlar asosida soliq maʻmurchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiradi.
https://t.me/soliqnews |
https://www.fb.com/Soliqpressa/ |
https://www.youtube.com/c/Davlatsoliqqomitasi| https://www.instagram.com/soliqpressa/ |
https://twitter.com/soliqnews| https://www.threads.net/@soliqpressa