1/2Ertaga - oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun, oʻzbek tili kuni. Oxirgi bir asrdan sal koʻproq vaqt davomida oʻzbek alifbosi juda koʻp oʻzgardi: arab yozuvidan isloh qilingan arab yozuviga, soʻng lotin yozuvi asosidagi yanalifga (u ham oʻn yilcha vaqt davomida bir necha marta oʻzgartirildi), soʻng kirill va soʻng lotinga. Kirilldan lotinga oʻtilayotganda bir alifbo qabul qilindi, soʻng oradan ikki-uch yil oʻtib boshqasi (amaldagisi) qabul qilindi. Menimcha, hech qaysi til alifbosi bu qadar beqaror va tez oʻzgaruvchan boʻlmagan boʻlsa kerak. Hozirga qadar oʻzbek tili uchun mamlakat ichkarisida ikki alifbodan (kirill va amaldagi lotin), mamlakat tashqarisida esa bunga qoʻshimcha ravishda yana arab alifbosidan ham (masalan, Afgʻonistondagi oʻzbeklar) foydalaniladi. Bu borada ham oʻzbek tili unikal boʻlsa kerak - hech bir til uchun parallel ravishda uch alifbodan foydalanilmasa kerak.
Shu bilan birga, oʻtgan yillar davomida hozirgi lotinda oʻqiydigan va yozadigan avlod shakllandi, adabiyotlar va manbalar bazasi yaratildi, internet va sunʼiy intellekt ham hozirgi alifboni "tushunadigan" boʻlib qoldi. Koʻp noshirlar oʻzbek tilini "ikki alifbo oʻrtasida sarson boʻlish" balosidan qutqarish va amaldagi, qonun bilan tasdiqlangan alifbosida adabiyotlar koʻpayishiga hissa qoʻshish maqsadida kitoblarini faqat lotin yozuvida bosishga qaror qilishdi.
Mana endi, "bir tovushga bir harf" va "noqulay" degan oʻxshamagan bahonalar bilan oʻzlari lotin yozuvidan amalda foydalanmaydigan avlod yana yozuvni almashtirmoqchi. Eng qizigʻi - qonun bilan amaldagi lotin yozuvi oʻzbek tili uchun yagona yozuv standarti etib tasdiqlanganiga qaramasdan, davlatning eng yuqori idoralarida hujjatlar kirill yozuvida (va hatto aksar hollarda - boshqa davlat tilida) yuritiladi, bu alifboni tasdiqlab qonun qabul qilgan partiyalarning nashrlari ham "shapkasi" lotincha, ichi kirillcha chiqadi. Yaʼni, real olib qaraganda, oʻzbek tilining uzil-kesil yagona, qonun bilan tasdiqlangan yozuvga oʻtmagani sababi - aslida alifboning "noqulayligi" emas, qaror qabul qiluvchilar orasida uni qabul qilishni istamayotganlarning koʻpligi.
Agar ayrim "saroyga yaqin" bloger - amaldorlar taxmin (bashorat?) qilganidek, oʻzbek tili bayramiga "sovgʻa" sifatida alifboni yana oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qonun tasdiqlab yuborilsa, bu - oʻzbek tili uchun eng yomon "sovgʻa" boʻladi. Bu qaror yagona standartga oʻtishni taʼminlash oʻrniga tilni endi uch alifbolilik balosiga roʻbaroʻ qiladi, tilning turli hujjatlar, kitoblar, OAV va internet makonida ifodalanishida xaos yaratadi va oʻzbek tilining mamlakat ichida ham, tashqarisida ham nufuziga jiddiy putur yetkazadi - axir har nechadir yilda alifbosi oʻzgaradigan tilga ishonib boʻladimi?
Shunday ekan, umid qilamanki, oʻzbek tiliga uning bayramida bunday "sovgʻa" tortiq qilinmaydi. Qandaydir lobbilar manfaati va / yoki absurd bahonalar oʻzbek tiliga hurmatdan ustun kelmaydi.












